TOShKENT, 22-avgust — Sputnik. Toshkentdagi yana 7 ta bozorda pulni naqdlashtirib beradigan bankomatlar o‘rnatildi, deb xabar berdi UZ24.
Xabarga ko‘ra, ayni vaqtda "Askiya" va Bo‘zbozorda ("Ipoteka-bank"ka qarashli), "Aviasozlar", "Qoraqamish" va Sergeli dehqon bozorida (Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki), "Chilonzor" ("Mikrokreditbank") va "O‘rikzor" savdo majmuasida ("Ipak yo‘li bank") bittadan bankomat ishlab turibdi.
Ma’lumot berilishicha, bankomatlarga har kuni o‘rtacha 30 mln so‘m pul qo‘yiladi.
"Mikrokreditbank" ma’lumotlariga ko‘ra, bank yilning so‘ngiga qadar O‘zbekiston bo‘ylab 15 ta bankomat o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Xalq banki tomonidan poytaxtning Oloy, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida bankomatlar o‘rnatilgandi. Ushbu qurilma orqali bir kunda bitta kartadan 100 ming so‘mgacha naqd pul yechib olish mumkin, jarayon 1,5 – 2 daqiqa davom etadi.