O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘yini nega yopiq tarzda o‘tkazilishi sababi ma’lum qilindi

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston terma jamoasining 25-avgust kuni Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan nazorat o‘yinida stadionga muxlislar va jurnalistlar kiritilmaydi

TOShKENT, 22-avgust — Sputnik. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining qaroriga ko‘ra, 25-avgust kuniga belgilangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yopiq tarzda o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, ushbu o‘yinni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘yinchini almashtirish imkoniyatidan cheklanmagan miqdorda foydalanishga o‘zaro kelishib olganligi munosabati bilan o‘yin xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga ega bo‘lmaydi.

Sbornaya Uzbekistana po futbolu - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘iziston bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi

Xabarga ko‘ra, milliy terma jamoalarning xalqaro o‘yinlarda ko‘pi bilan bir jamoadan 6 futbolchining almashtirilishiga ruxsat beriladi. 6 futbolchidan ko‘p o‘yinchi almashtirilgan o‘yinga "nazorat uchrashuvi" maqomi beriladi va u FIFAning xalqaro taqvimida ro‘yxatga qo‘yilmaydi. Shu sababli, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘yin nazorat o‘yini sifatida darajalanadi va FIFA reytingini hisoblashda inobatga olinmaydi.

Bunday nazorat uchrashuvlarining targ‘iboti, o‘yinga chipta sotish, o‘yinni translyatsiya qilishga ruxsat berilmasligi munosabati bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi nazorat o‘yini translyatsiya qilinmaydi.

Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu o‘yinda Osiyoning besh karra eng yaxshi referisi Ravshan Ermatov hakamlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo mintaqasida JCh-2018 saralashining so‘nggi raundida ishtirok etayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini oldinda 2 ta muhim uchrashuv kutib turibdi.

O‘zbekiston terma jamoasi dastlab 31-avgust kuni Xitoy terma jamoasi bilan kuch sinashsa, 5-sentabr kuni Toshkentda Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushadi.

Yangiliklar lentasi
0