TOShKENT, 18-avgust — Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK rahbari Valeriy Tan nima uchun O‘zbekistondan Qrimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘qligi sababini izohladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy aviakompaniya Yevropa havo navigatsiyasi xavfsizligi tashkiloti (Yevronazorat) yarimorol havo hududi borasidagi masalani biroqli qilmaguncha Qrimga aviaqatnovni yo‘lga qo‘ymoqchi emas.
"Yevronazorat Qrim havo hududida Rossiyaning faoliyatini qonuniy deb tan olmaguncha agar bu yerga Ukrainaning ruxsatisiz parvoz qiladigan bo‘lsak, shu zahoti sanksiyaga tushamiz, ya’ni biz uchun butun Yevropa yopiladi", – dedi "O‘zbekiston havo yo‘llari" bosh direktori.
Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2014-yil bahordan, yarimorol Rossiya tarkibiga o‘tganidan buyon parvozlarni to‘xtatgan. Ukraina aeroportning yangi ma’muriyatini noqonuniy deb e’lon qilgan va aviakompaniyaga Simferopolga parvozlar amalga oshirishni taqiqlagan.
Valeriy Nikolayevich shuningdek, Kiyevga parvozlarni tiklash haqidagi masala haligacha hal bo‘lmaganligini qo‘shimcha qildi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvoz so‘nggi marta 2015-yil may oyida amalga oshirilgan. Ikki mamlakat aviatsiya rahbariyatlarining ushbu masala bo‘yicha muzokaralar jarayoni anchadan beri davom etmoqda, lekin qarashlarda nomutanosibliklar mavjudligi bois natijaga erishilmayapti.
O‘zbekiston tomoni Toshkent-Kiyev yo‘nalishi bo‘yicha bitta qatnov taqdim etishga tayyor, ukrainaliklar esa ikkita qatnov ochilishini talab qilishapti. O‘zbekiston aviatsiya rahbariyati bunday imkoniyatni istisno etmayapti, faqatgina buning uchun Ukraina xalqaro avialiniyalari boshqa yo‘nalishlarga bilet sotmasligi va narxlarni sun’iy ravishda tushirmasligi lozim.