TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Bishkeklik erkak Issiq-Ko‘lda ijaraga olgan xonasida o‘z jufti xalolini bo‘g‘ib o‘ldirdi, deb xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Xabarga ko‘ra, 14-avgust kuni Qirg‘iziston poytaxtida istiqomat qiluvchi 49 yashar erkak o‘zining 36 yashar xotinini o‘ldirib qo‘yganligini tan olib politsiya mahkamasiga kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 11-avgust kuni er-xotin Tomchi qishlog‘iga kelishgan va xususiy uylarning birida bir xonani ijaraga olishgan. Juftlik dam olish kunlarini shu yerda o‘tkazishga qaror qilgan bo‘lgan. 12-avgust kuni taxminan 22.30larda spirtli ichimlik ichib o‘tirgan er-xotin janjallashib qolishgan.
Ertasi kuni erkak xona eshigini qulflab, ijarachiga yana bir kun uchun haq to‘lagan va Bishkekka qarab yo‘l olgan. Shaharga keliboq sodir etgan jinoyati haqida militsiya xodimlariga xabar qilgan. Erkak shu zahoti hibsga olingan, ayolni jasadi esa aytilgan joydan topilgan va morgga olib ketilgan.
Ayni vaqtda tergov ishlari olib borilmoqda.