TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning Uzluksiz ta’lim markazi bo‘lajak abituriyentlar hamda o‘z bilimini yaxshilab olishni xohlovchilar uchun joriy yilning 1-avgust kunidan boshlab matematika, fizika va ingliz tili bo‘yicha o‘quv kurslariga ro‘yxatga olishni boshladi.
O‘quv kurslaridan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida matematika va fizika fanlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mazkur fanlarga iqtidori bor bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni kashf etish hamda bu fanlarni chuqurroq o‘rganish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdir.
Tayyorlov kurslariga tinglovchilarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 2017-yilning 1-avgustidan 20-avgustiga qadar davom etadi.
Bunga qiziqish bildirgan barcha yoshlar maxsus onlayn shaklni to‘ldirishi lozim. Maxsus onlayn shaklga bo‘lgan ishora Toshkent shahridagi Inha universitetining saytida 2017-yilning 1-avgust kuni e’lon qilingan. 22-23 avgust kunlari qabul testlari o‘tkaziladi, ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar 2017-yilning sentabr oyida o‘qishni boshlashadi.
Yoshlar o‘z xohishlariga ko‘ra bir yoki ikki akademik yil davom etadigan kurslarni tanlashlari mumkin. Har bir akademik yil uch trimestrga bo‘linadi, har bir trimestr uch oy davom etadi. Har bir semestr yakunida tinglovchilar majburiy tarzda imtihon topshirishadi va faqatgina imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilar tayyorlov kurslaridagi o‘qishlarini davom ettirishadi.
Universitetning Tayyorlov kurslari tinglovchilari qator imtiyozlarga ega bo‘lishadi. Faqatgina Toshkent shahridagi Inha universiteti Tayyorlov kurslarining tinglovchilari mazkur universitetga kirish imtihonlarini topshirmasdan turib talaba bo‘lishlari mumkin.
Kurs yakunlari bo‘yicha tinglovchilar yakuniy imtihonlarni topshiradilar, hamda 60 foizdan yuqori ball to‘plagan va eng yaxshi tinglovchilarning dastlabki 30 foizi qatoridan o‘rin egallagan tinglovchilar Toshkent shahridagi Inha universitetining talabasiga aylanadilar.
Bunda qayd etish lozimki, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarining birinchi va ikkinchi bosqich o‘quvchilari, umumta’lim maktablarning 10-sinf o‘quvchilari hali o‘quv yurtini tamomlamay turib, yakuniy imtihon natijalariga ko‘ra universitet talabalari bo‘lishlari mumkin. Faqatgina bu talabalar litsey, kollej yoki maktabni bitirib, diplom va attestet olganlaridan so‘ng universitetga qabul qilinadilar.
Bunda 5 nafar tinglovchilar kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylarning o‘quvchilari hisoblanadi. Ular kollej yoki litseydagi o‘qishlarini tamomlaganlaridan so‘ng, Toshkent shahridagi Inha universitetiga imtihonsiz qabul qilinadilar.
Ular shuningdek, universitetning kirish imtihonlarida qatnashib, grant o‘rinlar uchun kurashish huquqini ham qo‘lga kiritdilar.
2016 yili IUT ning Uzluksiz ta’lim markazi tayyorlov kurslarining 82 % tinglovchilari yakuniy imtihon natijalariga ko‘ra talaba bo‘lishgan. Bunda 61 % tinglovchilar IUT ga o‘qishga kirishgan.