O‘zbekistonda yolg‘iz qolib 10-yil qariyalar uyi bo‘sag‘asidan qaytgan orenburglik momo hikoyasi

Obuna bo‘lish
O‘n yil jur’at qilolmadim Samarqand shahrida joylashgan Saxovat uyiga kelishga. Har safar eshikdan qaytib ketardim. Ammo o‘tgan yili barcha hujjatlarni to‘pladimu, g‘ururimni yengib, keldim. Hozirgacha nega ertaroq shu ishni qilmay, o‘zimni qiynab yurgan ekanman, deb o‘ylayman, deb aytgan Olga momo "Zarafshon" muxbiriga bergan intervyusida

TOShKENT, 16 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasi vakillari Samarqand viloyatida bo‘lib, tuman va shaharlarda mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, aholining yashash sharoiti, fuqarolarning ariza va shikoyatlari bilan ishlashning holati bilan joyida tanishmoqda. Shuningdek, bir qator ijtimoiy soha muassasalarida ham bo‘lib, xayriya tadbirlari tashkil etmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev: O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak
Samarqand shahridagi keksalar va nogironlar uchun "Saxovat" internat uyida o‘tkazilgan "Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi" deb nomlangan aksiyada bu yerda yashayotgan 120 dan ziyod fuqarolar holidan xabar olindi, ularga bayram sovg‘alari topshirildi. O‘z navbatida "Saxovat" uyida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ularga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi, mamlakatimizdagi tarixiy o‘zgarishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

To‘qson yoshdan oshgan Olga Matveyenkoning o‘z hayoti, taqdiri to‘g‘risidagi hikoyasi, O‘zbekiston haqidagi mushohadalari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Shu bois uni sizlar bilan ham baham ko‘rishga qaror qildik, deb yozadi "Zarafshon" nashri.

"Bolaligim, yoshligim Rossiyaning Orenburgida o‘tgan, — deya so‘zlab beradi Olga Nikolayevna. — Maktabda juda yaxshi o‘qiganim uchun bo‘lsa kerak, to‘rt sinfni ikki yilda bitirganman. Otam harbiy uchuvchi, onam uy bekasi edi. Ehtimol, otamdagi qat’iylik, onamdagi tartiblilik menga o‘tgandir, doim shu qoidaga amal qilib yashadim. Urush yillari gospitallarda hamshira bo‘lib ishladim, xotiram yaxshiligi uchun bo‘lsa kerak, mas’ul vazifalarni ham bajarishimga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekistonga 1946-yilda, urush tugagan, ammo asoratlari mamlakatning barcha hududlarida o‘zini namoyon etib turgan pallalar kelganman. Eh-he, bu davrlarni yodga olishni hech kim yoqtirmasa kerak. Insoniyatning boshiga ulkan judoliklarni solgan bu qirg‘inbarotda ota-onamdan, akamdan ayrildim.

Pamatnik semye Shamaxmudovix - Sputnik O‘zbekiston
Shomahmudovlar oilasidan kimlar hayot? Mashhur xonadondan reportaj

Urushning og‘ir damlarini ko‘rgan 20 yoshli qizni O‘zbekiston juda iliq kutib oldi. Bu yerlik aholining mehri, bir burda nonini ham mehmon bilan bo‘lishishi, og‘ir yillardan qolgan yaralarimga malham bo‘ldi. Men ularni hamshira sifatida davolasam, ular mehri, shirin so‘zi-yu daldasi bilan alamlarimni unutishga ko‘mak berishardi. Taqdirimda bor ekan, shu yerda Ukrainadan kelgan harbiy yigitga turmushga chiqdim, farzandli bo‘ldik. Uzoq yillar Samarqand tumanidagi shifoxonada doya hamshira, katta hamshira bo‘lib ishladim, odamlar orasida "Olya apa" sifatida e’zoz topdim. Haliyam qo‘ni-qo‘shnilarim shu yerga, meni ko‘rishga kelishadi. Yigirma sakkiz yillik doya sifatidagi faoliyatim davomida faqat ikki martagina ona o‘limi kuzatildi. U ham bo‘lsa, ayollarning o‘z aybi bilan sodir bo‘lgandi. Yuqorida aytganimday, ishda ham, oilada ham tartib, qat’iyat bilan ish ko‘rish asosiy maslagim bo‘lgani uchunmi, doim shu qoidalarga amal qilib yashadim.

Ko‘pincha menga shuncha tashvishlarni yuragingizdan qanday o‘tkazdingiz, deyishadi. 1988-yili turmush o‘rtog‘imdan, 2004-yilda esa Chernobil AES talofatini bartaraf etishda ishtirok etgan o‘g‘limdan ayrildim. Fe’limdagi qat’iyat, hayotga tik qarash odati menga yordam berdi. Qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilarim, hamkasblarimning doim mendan xabar olishlari ko‘nglimga taskin berar, yashashga undardi.

Xullas, 2004-yilda yana yolg‘iz qoldim. Uydagi barcha yumushlarni, ishlarni 70 yoshimdayam, 80 yoshimdayam o‘zim bajarardim. Qarilik uzoq davom etadi, deganlari rost ekan. 90 ga kirgach, ancha toliqib qoldim-da. Ayniqsa, o‘zim katta qilib o‘stirgan nevaramning uyimizni sotib yuborishi dard ustiga chipqon bo‘ldi. O‘n yil jur’at qilolmadim Samarqand shahrida joylashgan Saxovat uyiga kelishga. Har safar eshikdan qaytib ketardim.

Ammo o‘tgan yili barcha hujjatlarni to‘pladimu, g‘ururimni yengib, keldim. Hozirgacha nega ertaroq shu ishni qilmay, o‘zimni qiynab yurgan ekanman, deb o‘ylayman.

Bu yerda xodimlarning mehnatsevarligi, barcha shart-sharoitlarning yaratilganligini, odamlarning mehribonligini ko‘rib, hayotimning bu fasli shu yerda o‘tayotganiga shukur qildim. Hatto umuman begona odamlar kelib, bu yerdagi odamlarga ko‘mak berishlari kishini to‘lqinlantiradi. Mana, bugun Prezidentimiz bizning holimizdan xabar olish uchun vakil yuboribdi. Sovg‘alar berishdi, bayram uyushtirishdi, maza qilib hordiq chiqardik. Lekin 90 yoshdan oshgan kampir uchun eng muhimi — bu ikki og‘iz shirin so‘z aytib, biz sizlarni aslo yolg‘izlatib qo‘ymaymiz, deyishgani bo‘ldi. Qani ayting, menday odam uchun bu eng katta sovg‘a emasmi axir?

To‘g‘risi, o‘zimni shu yurtda tug‘ilib o‘sganday his qilaman, bir necha bor ketish uchun imkon bo‘ldi, ammo Samarqanddan uzoqlashgim kelmaydi. Mehri quyoshdek qaynoq o‘zbek zaminidan ko‘ngil uzib ketolmayman. Chunki, O‘zbekiston — bu mening Vatanim, men uning ajralmas bir bo‘lagiman. Men yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: Vatanimizni sevinglar, uning ravnaqi uchun tinmay xizmat qilinglar, bunday yurt, bunday xalq uchun astoydil xizmat qilmaslik katta xato. Bu hayotida ko‘pdan-ko‘p voqealarning jonli guvohi bo‘lgan bir nuroniy onaxonning dilidan chiqayotgan samimiy so‘zlar, aslo balandparvoz gaplar emas".

Yangiliklar lentasi
0