TOShKENT, 15 avg — Sputnik. 2017-yilning 16-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Qirg‘iziston Respublikasida bo‘ladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar mahkamasi matbuot-xizmati.
"O‘zbekiston delegatsiyasi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha va Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston hukumatlararo komissiyalari majlislarida ishtirok etadi", — deb qo‘shimcha qilingan xabarda.
Qirg‘iziston tomonidan Hukumatlararo komissiyalarning hamraisi Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Soorobay Jeenbekov ekanligi aytilgan.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish kutilmoqda.