TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Samarqand shahrida turli rangdagi pufaklar bilan bezatilgan tramvay tasvirga olingan video haqida Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari turli fikrlar bildirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tramvayida "romantik" uchrashuv tasvirlangan video tarqalgan edi.
Videoda aks etganidek, tramvay ichi gullar, pufaklar, chiroqlar bilan bezatilgan. Transport ichida esa yigit va qiz hamda tramvay haydovchisidan boshqa hech kim yo‘q — demak voqea atay uyushtirilgan.
Tramvay o‘tib ketayotgan vaqtda ko‘chadagi yo‘lovchilardan biri tasvirga olgan video internetda tarqalganidan so‘ng, turli fikrlar bildirildi.
Ayrim internet foydalanuvchilar videoni prezident Shavkat Mirziyoyevning 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi chog‘ida to‘y-hashamlardagi ortiqcha dabdaba va sarf-harajatlarni qisqartirish borasidagi fikrlari bilan bog‘lashdi.
Yana bir guruh foydalanuvchilar bu voqeani keskin tanqid ostiga oldi. Tramvayni faqatgina ikki kishi uchun ajratish, stiga ustak uni bezatish va shaxsiy manfaat uchun foydalanish salbiy baholandi.
Bu fikrlarga qarshi chiqqan foydalanuvchilar ham topildi. Ayrimlar buni ijobiy baholab, bu shunchaki "romantik muhit" ekanligini yozishdi.
"Hech yomon narsa ko‘rmayapman, ular romantik sharoitda ketishgan", — deb izoh yozgan Shaxnoza Do‘smatova.
"Yomon joyi yo‘q buni. Eplaptimi omadini bersin", — deb yozgan Nodir Abduraxmonov.
"Barakalla, juda chiroyli xodisa bo‘ldi. Hozirgi vaqtda bunday qilayotgan yoshlar kam, sizlarga baxt va tinch hayot tilayman", — deb qo‘shimcha yozgan Alisher Azimov.