TOShKENT, 12-avgust — Sputnik. Tojikiston Mudofaa vazirligi matbuot markazi rahbari polkovnik Faridun Maxmadalizoda O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan chegara yaqinida So‘g‘d garnizonining yirik miqyosdagi o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
"14-17 avgust kunlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan chegara yaqinida Tojikiston Mudofaa vazirligi So‘g‘d garnizonining yirik miqyosdagi o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi, mashg‘ulotlarda shuningdek, butun So‘g‘d viloyatidagi kuchtizimlari xodimlari va zaxiradagi harbiylar ham qatnashadi", — dedi u.
Uning aytishicha, mashg‘ulotlar davomida hududiy mudofaani tashkil etish masalalari, milliy armiyaning zaxiradagi xizmatchilari malakasini oshirish hamda So‘g‘d garnizoni va viloyat harbiy tuzilmalarining hududga bostirib kirgan terrorchilarga qarshi o‘zaro harakatlari ishlab chiqiladi, deb yozadi Sputnik Tojikiston.
Maxmadalizodaning ma’lum qilishicha, o‘quv mashg‘ulotlariga 10ta jangovar aviatsiya, 200ta bronetexnika, 70ta artilleriya va 450ta harbiy avtomobil jalb etiladi. Harbiy mashg‘ulotlarga Tojikiston mudofaa vaziri general-leytenant Sherali Mirzo boshchilik qiladi.