TOShKENT, 11-avgust — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Chirchiq shahriga ko‘chiriladi. Qaror prezidentning rasmiy veb sahifasida e’lon qilindi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Sportchilar ko‘chasi, 19-uy va Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Chirchiq 50-yillik ko‘chasi, 14-uy manziliga joylashtiriladi.
"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJning bino va inshootlari hamda istirohat bog‘i O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga beriladi.
2017/2018 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida ta’limning sirtqi bo‘limi tashkil etiladi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil olayotgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari, terma jamoa a’zoligiga nomzodlarga ularning xohish-istaklariga ko‘ra o‘qish muddati hamda kursi saqlangan holda ta’limning sirtqi shakliga o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘radi.
Hujjatda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Toshkent shahridan qatnab ishlovchi professor-o‘qituvchilari va xodimlari hamda talabalarning borish-kelishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.