TOShKENT, 10-avgust — Sputnik. GM Uzbekistan kompaniyasining Facebook rasmiy sahifasida kompaniyaning virtual qabulxonasi faoliyat yuritilayotganligi haqida xabar berilgan.
Xabarga ko‘ra, virtual qabulxonada fuqarolar sotuv jarayoni, xariddan keyingi xizmat ko‘rsatish, avtomobil berish muddatlarining cho‘zilishi yoki kompaniya xodimlari va dilerlar tomonidan sodir etilgan boshqa qonunbuzarliklar bo‘yicha o‘z murojaatlarini qoldirishlari mumkin.
Virtual qabulxonaga quyidagi havoladan o‘tish mumkin: http://gmuzbekistan.uz/forma-obrascheniya.html
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Sirdaryo viloyati MXX xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan hamkorlikda GM Uzbekistan avtomobillarini sotishda tovlamachilik bilan shug‘ullangan "Sirdaryoavtotexxizmat" MChJ avtosaloni direktori Abdumurod Haqberdiyevni qo‘lga olishgani haqida xabar bergan edik.
GM Uzbekistan mashinalarini sotish bilan bog‘liq yirik jinoiy sxema voqeasidan so‘ng kompaniya sotuv tizimini takomillashtirishga qaror qildi.
Ayni vaqtda GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, ular avtomobillar sotuvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.