TOSHKENT, 9 avgust — Sputnik. Andijon viloyatida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslik, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida "Tozalash-antiterror" tadbiri oʻtkazib borilmoqda, deb xabar qildi Andijon viloyati IIB matbuot xizmati.
Tadbirni samarali oʻtkazish maqsadida, tezkor-kriminogen vaziyat chuqur tahlil qilinib, shahar-tumanlardagi 868 ta mahallalar toifalarga ajratildi. Tekshiruvlar dastlab tezkor-kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda oʻtkazildi.
Koʻp qavatli uylar, yertoʻla va chordoqlar, hovli uylari, tashkilot va korxonalar, mehmonxonalar, yotoqxonalar, taʼlim muassasalari, kafe-bar va restoranlar, savdo va boshqa xizmat koʻrsatuvchi obʼyektlar, oʻta muhim toifalangan obʼyektlar xavfsizlik yuzasidan tekshirib chiqildi.
Oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida 4 mingta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi.
Shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlarida profilaktik hisobida turgan maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi shaxslardan 30 nafariga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatildi.
Jinoyat sodir etib tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 22 nafar shaxs ushlandi.