TOShKENT, 6 avg — Sputnik. O‘zbekiston Mustaqilligining 26-yilligini nishonlash vaqtida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar hamda favqulodda holatlarni oldini olish maqsadida Toshkent shahri hududida 30-iyuldan boshlab “Tozalash-Antiterror” va “Pasport-viza” tadbirlari boshlandi, deb xabar qilmoqda IIBB rasmiy sahifasi.
“Pasport-viza” tadbiri doirasida 130 mingdan ortiq xonadonlar hamda 5 mingdan ortiq tashkilotlar tekshirib ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilayotgan 4265 nafar shaxslarga va 146 nafar xonadon egalari hamda 68 tashkilot rahbarlariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Tadbirda ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobida turuvchi shaxslarga nisbatan asosiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bunday shaxslar bilan profilaktik tushuntirish suhbatlari o‘tkazilgan va huquqbuzarlik sodir etgan jami 456 nafar shaxslar profilaktik hisobga olindi.
Mavze va maxallalarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash borasida jamoat vakillari bilan birgalikda olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida ko‘p qavatli uylarga qo‘shimcha 86 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Shuningdek, "Tozalash-Antiterror" tadbiri davrida 21 nafari spirtli ichimlikka, 14 nafar giyohvandkka ruju qo‘ygan va 21 nafarini tajovuzkor ruhiy kasal bo‘lgan jami 56 nafar shaxs tibbiy muassasalarga joylashtirildi.