TOSHKENT, 9 avgust — Sputnik. Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Orenburgda Oʻzbekiston fuqarolari ishtirokida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi haqida axborot berdi.
Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, 8 avgust kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22:00da Rossiya Federatsiyasi Orenburg viloyatining Nijnyaya Pavlovka – Xolodniye Klyuchi yoʻlining 12-kilometrida Oʻzbekiston fuqarolari ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.
Yoʻlda "Mercedes" mikroavtobusi va "Shevrolet Lanos" yengil avtomobili toʻqnashgan. Rossiya FVV maʼlumotlariga koʻra, "Shevrolet Lanos" avtomobilidagi 2 nafar Rossiya fuqarosi vafot etgan. Mikroavtobusda boʻlgan 13 nafar Oʻzbekiston fuqarosi yengil jarohat olgan. Mikroavtobus yoʻlovchilari shahar va tuman kasalxonalariga yetkazilgan va tibbiy koʻrikdan soʻng qoʻyib yuborilgan.
Elchixona Konsullik boʻlimi ushbu hodisa natijasida jabr koʻrgan Oʻzbekiston fuqarolariga zarur yordam koʻrsatish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Mahalliy hokimiyat bilan, jumladan viloyat gubernatori va Orenburg tumani maʼmuriyati bilan aloqa oʻrnatilgan.