TOShKENT, 8-avgust — Sputnik. AQSh Filippinda "Islom davlati" terrorchilik uyushmasi jangarilariga qarshi harbiy operatsiyani boshlamoqchi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, hozirda operatsiya rejasi Pentagonda ko‘rib chiqilmoqda. Aviahujumlarni uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu reja tasdiqlansa, amerikalik harbiylar tomonidan terrorchilar joylashgan hududlarga zarbalar beriladi.
Sal ilgari terrorchilik uyushmasiga qarshi kurashish uchun AQSh Filippinga ikki dona jihozlangan Cessna 208B samolyotlari yetkazib bergan. Ushbu shartnomaning qiymati 30 mln dollardan ortgandi. Shuningdek, AQSh Filippin armiyasiga 992 dona raketa va 1040 dona raketa yetkazish qurilmalarini yetkazib bergan. Kelgusida 250 ta raketa va 1000 dona granatamotlar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil may oyida "Islom davlati" jangarilari bilan to‘qnashuvdan so‘ng Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Mindanao janubiy provinsiyasida harbiy holat joriy qilgan edi.