TOShKENT, 7-avgust — Sputnik. Hashamatli, to‘kin-sochin to‘ylar ortida maqtanchog‘liq va kibrdan boshqa narsa yo‘q, deb yozadi, "Milliy taklanish" partiyasi a’zosi, Oliy Majlis deputati Zumrad Bekatova.
Uzundan uzoq kortejlar, qimmatbaho sovg‘alar, to‘kin-sochin dasturxonlar va kundan-kunga ko‘payib borayotgan yangicha odatu rusmlar. Boshqalardan qolishmagan to‘y qilaman deb, unchalik boy bo‘lmagan fuqarolar uzoq vaqt davomida o‘zlarini kundalik ehtiyoj mahsulotlaridan cheklashga majbur bo‘lishmoqda.
Hamma narsa o‘g‘limning yoki qizimnin to‘yi uchun deb harakat qilayotgan fuqarolar, aslida o‘zlarining saxiyligi tufayli bunday qilishayotgani yo‘q. Agar ular haqiqatdan ham saxiy bo‘lganida ortiqcha mablag‘larni muhtoj bo‘lgan qarindoshlarga, yolg‘iz qolgan qariyalarga, ko‘p bolali oilalarga va yetim bolalarga xayriya maqsadida ishlatilgan bo‘lar edi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 3-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida serhasham to‘ylar borasida salbiy fikr bildirgan edi.
«Milliy tiklanish» partiyasi vakillari fikriga ko‘ra, bunday to‘ylar, milliy urf-odat va qadriyatlarni saqlab qolish o‘rniga yoshlarni jamiyatga ehtiyojlariga befarq bo‘lishga, isrofgarchilikka o‘rgatishi mumkin. Deputatlar fikriga ko‘ra, bugungi kunda birinchi navbatda yoshlar orasida ushbu mavzularda tarbiyaviy ishlar olib orish kerak.
Shuningdek, boylik ko‘z-ko‘z qilingan hashamatli to‘ylar jamiyatning katta qismida norozilik tuyg‘usi uyg‘otar ekan. Buning o‘rniga odamlar o‘zbek xalqining kamtarona, xayr-saxovatli urf-odatlarini esga olishni talab qilmoqda.
Shu o‘rinda, ayrim mamlakatlarda hashamatli to‘ylar o‘tkazish qonun tomonidan ta’qiqlanganini esga olish o‘rinli bo‘lar edi. Ushbu ta’qiq, ayniqsa, davlat xizmatida ishlayotgan mansabdor shaxslarga taaluqlidir.
Ayni damda O‘zbekiston Bosh vaziri, Ayollar qo‘mitasi prezident topshirig‘iga ko‘ra to‘ylarda hasham va dabdabani cheklashga qaratilgan qonun loyihasini tayyorlashmoqda.