TOShKENT, 5-avgust — Sputnik. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari huquqni himoya qiluvchi boshqa organlar xodimlari bilan birgalikda Toshkent arxitektura-qurilish institutiga o‘qishga qabul qilishda firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan guruhni qo‘lga olishdi. Bu haqda Podrobno.uz xabar qilmoqda.
Xususan, ushbu oliygohning 2-kurs talabasi Shavkat Ro‘zmatov abituriyentni TAQIga noqonuniy yo‘l bilan kiritish maqsadida 5 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Dastlabki surishtiruv davomida bu pulning bir qismi mazkur oliygohning 4-kurs talabasi Mirsodiq Mirhamidov, vaqtincha ishsiz Mansur Murodov, TAQI mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Alisher Sangirov o‘rtasida taqsimlanishi lozimligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Sangirov qo‘lga olinayotgan vaqtda uning avtomobilida TAQIning moliya-xo‘jalik ishlari bo‘yicha prorektori Baxtiyor Bolibekov ham bo‘lgan. Dastlabki tergovda bu jinoiy guruhning rahbari aynan Bolibekov bo‘lganligi aniqlandi.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Ro‘zmatov, Mirhamidov, Sangirov va Murodovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-(Firibgarlik) va 211- (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Bolibekovga nisbatan 168-(Firibgarlik) modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilgan.