TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti otorinolaringologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, pofessor Vasiliy Antoniv va tibbiyot fanlari doktori, professor Valentin Aksenov uch kun davomida Guliston shahrida bo‘lib, sirdaryolik bemorlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Prezident rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari o‘tkazildi. Quloq, tomoq, burun va boshqa tana a’zolarida shamollash kasalliklarining og‘ir asoratli turlari bilan og‘rigan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, muolaja qilindi. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
— Mashhur shifokorlar Gulistonga kelganini eshitib, to‘g‘ri shu yerga kelaverdim, — deydi Sirdaryo tumanidan M.Yorlaqabova. — Qulog‘imdagi qattiq sanchiq, yaxshi eshitmaslik meni bezovta qilayotgan edi. Rossiyalik shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazdi, aniq tashxis qo‘yib, muolaja qildi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, kichik jarrohlikdan so‘ng og‘riq qolib, eshitish qobiliyatim tiniqlashdi. Bizga shunday qulayliklar yaratib berayotgan davlatimizdan minnatdormiz.
Xorijlik olimlarning tashrifi mahalliy shifokorlarga tajriba almashish imkonini berdi. Bu mamlakatimizda aholi salomatligini yanada mustahkamlash, mahalliy mutaxassislarni aniq tashxis qo‘yish, eng murakkab muolajalarni amalga oshirish va jarrohlik amaliyoti borasida tajribasini boyitishga xizmat qiladi, deb ta’kidlangan xabarda.