TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati jamoasiga tabrik yo‘lladi, deb xabar qildi "O‘zbekiston 24" nashri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan avgust oyining birinchi yakshanbasi "O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni" deb e’lon qilingan edi.
"Avvalo, siz, azizlarni — "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, barcha xodimlarni yurtimiz hayotida ilk bor nishonlanayotgan qutlug‘ sana — Temiryo‘lchilar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. Vatanimiz ravnaqi va farovonligi yo‘lida qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va fayzu baraka tilayman", — degan o‘z tabrigida Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti o‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi yurtdoshlarning sidqidildan qilayotgan samarali mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yo‘l tarmog‘i xalq o‘rtasida haqli ravishda obro‘-e’tibor, hurmat va ehtiromga sazovor bo‘layotganini e’tirof etib o‘tgan.