TOShKENT, 4-avgust — Sputnik. Yuliy Yusupov degan qandaydir bir iqtisodchi Kommersant.uz saytida "O‘zbek iqtisodiy modeli: asotirlar va haqiqat" degan maqola e’lon qilibdi. O‘qib, ochig‘i, asablaringiz buziladi voqelikka beta’sirona yondashuvdan.
Taraqqiyotning "O‘zbek modeli" O‘zbekistonning bugungi kunda qo‘lga kiritgan iqtisodiy yutuqlari hamda ijtimoiy tinchlik-barqarorligining asosi ekanini hech kim inkor etolmaydi. Ijtimoiy bozor iqtisodiyoti tushunchasini xalqaro hamjamiyat lug‘atiga olib kirgan bu modelning O‘zbek jamiyati xususiyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgani, feodalizmdan sotsializmga sakrab o‘tganligi sababli bozor munosabatlari tajribasining nima ekanini umuman bilmagan bizning hudud shart-sharoitini hisobga olgan holda joriy etilganligi bor haqiqat. Bu o‘zicha aqlli iqtisodchi esa yozapti: "Kichikroq sirni ochamiz: aslida hech qanday "O‘zbek modeli" mavjud emas." Iya, sen kimsanki o‘zi, O‘zbekistonning 20-yildan ortiq davriga bunday hadsizlarcha baho berapsan!! Sening aqling yetgan narsaga shuncha yil O‘zbek hukumatining, rahmatli Yurtboshimizning aqli yetmabdi-da!
Merkantilizm modeli deb, davlatning islohotlarda yetakchiligini tanqid ostiga olgan bu "buyuk geniy iqtisodchi" O‘zbekistonning bugungi iqtisodiy holatini qandaydir bir tiyinga qimmat statistikalar bilan qoralashga urinibdi-yu, bir narsani e’tiborga olmabdi: globallashish davrida davlatning o‘z bozorini himoya qilolmagani, erkin bozor degan puch g‘oyalar ta’siriga tushib, o‘z iqtisodini boshqalar qo‘liga o‘tib ketishini oldini ola olmagani o‘z siyosiy mustaqilligini boy berdi degan gapdir. Gap mamlakat iqtisodining xorijiy sarmoyaga bo‘lgan qaramligidagina emas, balki tashqi siyosiy kuchlar, rahnamolar ta’sirida ish olib boruvchi oligarxiyaning taraqqiy etishida hamdir. Buni ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar misolida ko‘rishimiz mumkin…
Islom Karimov davriga bahoni zamon beradi, kimligi noayon iqtisodchi Yuliy Yusupovlar emas! Har kim haddini bilishi kerak! Tanqid qilish kerak ekan deb, har kim aqli yetib yetmay Islom Karimovning olib borgan siyosatini qoralashga haqqi yo‘q!