TOShKENT, 3-avgust — Sputnik. Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Navoiy viloyati ta’lim maskanlar ish faoliyatini o‘rganishni davom etmoqda.
29 iyul kuni Sa’dullayev Navoiy viloyatidagi Shodlik mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.
"Tomdidagi safarni soat 11:00 ga yaqin tugatib, 60-70 km uzoqlikdagi Zarafshon shahar markaziga qaytib keldik va bu yerda maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, bog‘chalar, mehribonlik uylari sharoitlarini o‘rganish vazifalarini oldimizga qo‘yib oldik", — deb yozgan Sa’dullayev o‘zining Facebook dagi sahifasida.
"Men hali birorta ham mehribonlik uyiga borib ulgurmagan edim. Bu maskanda hamma sharoit Zarafshonda joylashgan Oltin Kombinati tomonidan ta’minlanar ekan. Shuning uchun ham bolalarda keng imkoniyatlar mavjud, ammo natijachi? Aynan shu savolni mehribonlik uyidagi barchadan so‘radik! Qizig‘i shundaki hamma bir xil javob qaytarapti, bolalarda hamma sharoit muhayyo, ammo ishtiyoq kam", — deb yozgan Sa’dullayev.
Sa’dullayev bergan xabarga ko‘ra mehribonlik uyida bolalarga haqiqiy o‘rnak bo‘la oladigan yetakchilar (lider)ning kamligi, tarbiyalanuvchilar ichida hali oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirganlari yo‘q.
"Mustaqil hayotga endigina qadam qo‘ygan mehribonlik uyi bitiruvchilari, yangi hayotga moslasha olmay va iqtisodiy qiyinchiliklarni yenga olmay yana shu maskanga muammolari bilan qaytib kelishar ekan",- deb taassurotlari bilan bo‘lishgan Sa’dullayev.
Sa’dullayev o‘z xabari yakunida mehribonlik uyida mavjud muamolarni hal etish bo‘yicha qator takliflarni sanab o‘tgan. Jumladan, seminar va master klasslar orqali bolalarni o‘qishga qiziqtirish, oliy ta’lim muassasalaridagi ochiq eshiklar kunlariga mehribonlik uy tarbiyalanuvchilarni olib borish va o‘qishga ishtiyoqini oshirish zarur.