TOShKENT, 3-avgust — Sputnik. GlobUz plastik kartalari egalari xorijda ham kartani milliy valyuta bilan to‘ldirishi hamda tovar va xizmatlar uchun pul to‘lashda foydalanishi mumkin. Bu haqda "UzNews.uz" Yagona umumrespublika protsessing markaziga (YaUPM) tayanib xabar berdi.
Shu yilning iyulida O‘zbekistonda YaUPM tomonidan ishlab chiqilgan GlobUz to‘lov tizimi paydo bo‘lgandi.
Bugungi kunga kelib YaUPM tizimiga Ipoteka Bank, Xalq Banki, Turon Bank, Hi-Tech Bank, Asia Alliance Bank, Agrobank, UT Bank, InFinBank, Ipak Yo"li Bank banklari ulangan va GlobUz kartalari emissiyasi boshlangan.
GlobUz kartalari 5 daqiqa ichida beriladi – mijoz kerakli hujjatlarni rasmiylashtirguncha karta tayyorlanadi va mijozga topshiriladi.
GlobUz to‘lov kartalari NFC texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, kartani terminalga solmasdan, terminal yuzasiga tegizish orqali ham to‘lovni amalga oshirish mumkin.
Hozirda YaUPM Visa, MasterCard va China UnionPay to‘lov tizimlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Tez orada O‘zbekistonga kelgan xorijliklar GlobUz terminallari orqali Visa, MasterCard va China UnionPay kartalarida to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. GlobUz kartalari egalari esa xorijga safar qilganida yoki internet magazin orqali savdo qilganida o‘z kartalari orqali to‘lovni amalga oshirishadi.