TOShKENT, 2-avgust — Sputnik. Samarqand shahrida ikkinchi tramvay yo‘li 1-sentabrda topshiriladi, deb xabar qildi STV telekompaniyasi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi birinchi tramvay yo‘li foydalanishga topshirilgach ikkinchi tramvay yo‘li qurilishi boshlab yuborilgan edi.
Ikkinchi tramvay yo‘li temir yo‘l vokzalidan to Siyob bozorigacha — jami 5 kmni tashkil etadi.
Hozirgi vaqtda vokzal oldidagi tramvay depo hududi qazib tashlangan. Bu yerda tramvay yo‘li uchun elektr tarmoqlar o‘tkaziladi.
Ikkinchi tramvay yo‘lida 8 ta tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bekatlar va svetoforlar soni hali ma’lum emas.
Loyihaning keyingi bosqichida jami 23,4 km uzunlikdagi tramvay yo‘lini qurish ko‘zda tutilgan. Birinchi navbatda temir yo‘l vokzalidan Spitamen ko‘chasi orqali Kimogar shaharchasigacha tramvay yo‘li quriladi. Shundan so‘ng, temir yo‘l vokzalidan Narpay ko‘chasi orqali Kimogar shaharchasiga tramvay yo‘li ishga turishish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni birinchi yo‘lovchilar qatorida Samarqand tramvayidan foydalanganligi haqida xabar bergan edik.