TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari "E-Navbat" elektron navbat tizimi yordamida o‘zlariga qulay fursatda o‘zbek diplomatlari qabuliga yozilishlari mumkin, deyilgan O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati tomonidan mahkamaning 2017-yil birinchi yarmi bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda.
O‘zbekiston TIV shuningdek, 2017-yil yanvarida consul.mfa.uz — interaktiv konsullik xizmatlari portali yangi ko‘rinishda ishga tushirilganini eslatib o‘tgan. Portal orqali interaktiv va axborot xarakteriga ega 10dan ziyod konsullik xizmatlarini olish mumkin.
Xususan, portal orqali elektron ko‘rinishda "O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun shaxsni tasdiqlash va Sertifikatni rasmiylashtirish", "Doimiy va vaqtinchalik tarzda konsullik ro‘yxatiga kirish" singari xizmatlar ko‘rsatiladi.
Joriy yilning mart oyidan boshlab o‘zbekistonliklar uchun consul.mfa.uz portalida onlayn-maslahat xizmati ishga tushirilgan. Eng dolzarb savollarga Konsullik boshqaruvida maxsus tashkil qilingan mas’ul xodimlar tezkor ravishda javob beradilar. Ushbu servis orqali onlayn-rejim tartibda 250dan ziyod murojaat qiluvchilar o‘z savollariga javob olganlar.