TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. 2017-yilning 26-iyun va 9-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasi konsullik bo‘limi vakillari Praga shahrida vatandoshlar bilan sayyor qabullar o‘tkazdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvlarda 230 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etgan. Germaniyadagi o‘zbeklarga konsullik hisobiga qo‘yish, bolalar uchun yo‘l hujjatlarini tayyorlash, fuqarolik holati dalolalatnomalari, vaqtincha chiqish yoki doimiy yashash ruxsatnomasini olish va fuqarolikdan chiqish tartibiga doir masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berilgan.
Praga shahrida vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi jasadini vatanga yuborish hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar hal qilingan.
Chexiyada yashayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar ushbu mamlakatda bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun yurtdoshlarimizni birlashtiradigan Milliy madaniy markaz ochishga ko‘mak berishnini so‘rab murojaat qilishgan.
"Tashabbuskorlarga tushuntirildiki, tashkiliy masalalar Chexiya Respublikasining amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda hal etilishi lozim", — deyiladi xabarda.