TOShKENT, 1-avgust — Sputnik. O‘tgan hafta shikastlangan samolyotni Istambul aeroportiga mohirona qo‘ndira olgan ukrainalik uchuvchi Aleksandr Akopov o‘z vatanida tanqidga duch keldi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Eslatib o‘tamiz o‘tgan haftaning oxirida, Akopov boshqarayotgan samolyot 1,5 km balandlikda kuchli do‘lga duch keladi. Tuxumdek keladigan muz parchalaridan samolyotning old qismi jiddiy shikastlanadi va barcha oynalari sinib tashqari ko‘rinmay qoladi. Shunga qaramasdan uchuvchi 121 yo‘lovchi mingan Airbus A320 samolyotni Istambul aeroportiga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ladi.
Shundan so‘ng Ukraina prezidenti Petr Poroshenko uchuvchi Aleksandr Akopovni "Jasurlik uchun" ordeni bilan mukofotlaydi. Biroz vaqt o‘tib uchuvchining ijtimoiy tarmog‘ida katta shov-shuv ko‘tarildi. Sabab — Akopovning Facebookdagi sahifasida avatarka fotosuratida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov surati joylashtirilgan ekan. Undan tashqari Akopovning o‘zi Dones viloyatidan bo‘lganligi va uning aksariyat do‘stlari ham o‘sha yerda ekanligi ayrim ukrainalik "patriot"larga ma’qul kelmagan.
Akopovning o‘zi aytishiga qaraganda, Lavrovning suratini u hazil tariqasida joylashtirgan, chunki uning yuz qiyofasi tuzilishi Lavrovga juda o‘xshash ekan. Akopovning nomi OAVda keng tarqalib ketganidan ayrimlar unga ushbu avatarkani olib tashlashni maslahat bergan, lekin u "Menga bu surat yoqadi, men siyosatdan yiroqman", — deb rozi bo‘lmagan. Undan tashqari Akopov o‘zi Rossiya xokkeyi va Ukraina futbolining muxlisi ekanini ham aytgan.
Shundan so‘ng ijtimiy tarmoqda muhokama qizib ketgan, unga nisbatan salbiy fikrlar bildiruvchilar soni oshgan. Ukraina "patriot"lari Akopovni "separ" ya’ni ajratuvchi deb atashgan.
Ukrainada qahramon uchuvchiga bo‘lgan bunday ikki yoqlama munosabatdan keyin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Akopovni qo‘llab-quvvatlab, quyidagi so‘zlarni aytgan:
"Aleksandr, siz amalga oshirgan ish siyosatdan xoli. O‘z kasbingizni ustasi bo‘lganingiz uchun sizga raxmat! Agar Vataningizda sizni tanqid qilishda davom etishsa, keling — biz sizga doimo xursand bo‘lamiz!", — deyilgan Rossiya TIVining Facebookdagi sahifasida.
Aleksandr Akopov fuqaro aviatsiyasida 1987-yildan beri ishlab kelmoqda. Avval uchuvchi Donesk aviatsiya otradida ishlagan, keyin "Roza vetrov" kompaniyasida. Oxirgi uch yilda esa Turkiyaning AtlasGlobal kompanyasida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksandr Akopov Rossiyaga bo‘lgan munosabati tufayli tanqidga uchragan birinchi ukrainalik mashhur inson emas. Yaqinda ukrainalik "vatanparvarlar" xonanda Ivan Dornga "hujum" qilishgan edi. Bunga xonandaning, beg‘araz va yaxshi niyat bilan aytilgan "Menga Rossiya va Ukraina xalqlari aka-uka deb o‘ylash yoqadi va yaqinda ushbu ikki xalq yarashib oladi", degan gaplari sabab bo‘lgan edi.