TOShKENT, 1-avgust — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston bojxona xizmatlari ikki davlat o‘rtasida o‘zaro mahsulot va transport vositalari olib o‘tilishi bo‘yicha axborot almashinuv borasidagi sinov ishlarini muvaffaqiyatli yakunladi hamda axborot hamkorligini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Rossiya federal bojxona xizmati xabar qilmoqda. Mazkur hamkorlikdan maqsad "soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi" loyihasini amalga oshirishdir.
Rossiya va O‘zbekiston bojxona xizmatlarining axborot-texnik bo‘linmalari qisqa muddatlarda kerakli dasturiy vositalarni ishlab chiqish va sozlash ishlarini amalga oshirdi hamda doimiy asosdagi mustahkam axborot hamkorligini yo‘lga qo‘ydi.
Loyiha unda ishtirok etuvchilarga ikki mamlakat o‘rtasida olib o‘tiladigan alohida toifadagi mahsulotlar uchun bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda ma’lum bir shartlarga rioya qilgan holda yengilliklar beradi. Ayni vaqtda loyiha qishloq xo‘jalik mahsulotlariga nisbatan tatbiq qilingan bo‘lib, uning natijalariga qarab mahsulotlar ro‘yxati kengayishi mumkin.
Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi har ikki davlat bojxona qonunchiligini buzmaydigan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi hamda loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan.
Rossiya va O‘zbekiston bojxona xizmatlari loyihada ishtirok etuvchilar soni va mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish orqali uni yanada takomillashtirishni mo‘ljallamoqda.