TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. 2017 yil 21-iyuldan boshlab "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Anvar Jo‘rayevning virtual qabulxonasi ish boshladi, deb xabar qildi kompaniya matbuot-xizmati.
Agar sizda shahar yo‘lovchi tashish transporti tizimiga oid hal etilmagan masala, muammo, ariza, shikoyat yoki takliflar bo‘lsa, u holda murojaatingizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Toshshahartransxizmat" AJ boshqaruvi raisiga 3 xil usulda: qo‘ng‘iroq qilish, virtual — onlayn tarzda jo‘natish yoki jamiyat binosida tashkil etilgan fuqarolar qabulxonasiga bevosita kelib etkazishingiz mumkin.
Jamiyatning www.tshtx.uz elektron manzilida joylashgan virtual.tshtx.uz saytidagi qabulxonaga muassasa faoliyati bilan bog‘liq har qanday murojaat onlayn rejimida 24 soat mobaynida qabul qilinadi.
Virtual qabulxona sayti nafaqat murojaatlar jo‘natish, balki ularning bajarilishini kuzatib borish imkonini ham beradi.
Shuningdek, so‘rovlarga ham bevosita mazkur saytdan javob olish mumkin. Buning uchun saytda joylashtirilgan elektron shaklni to‘ldirish va jo‘natish kifoya qiladi.