TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Gulnara Karimova Islomovna nomi bugun butun dunyo OAVlarini aylanib chiqadi. Chunki O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bugun O‘zbekistonning Birinchi prezidenti to‘ng‘ich qizi ustidan jinoyat ishlari bo‘yicha rasman xabar berdi.
"Tan olaman men o‘zim Fond Forum ishtirokchisi va grant g‘olibi bo‘lganman. Mehr Nuri jamg‘armasi 4-yil mobaynida mening shartnoma pulimni to‘lab kelgan. Ushbu fondlar yordamida ko‘p narsaga erishdim, ammo sahna ortida tamomila boshqacha o‘yin olib borilgan ko‘rinadi. Qolgan barcha narsa shunchaki "massovka" bo‘lgan, demak. Mening shartnoma pulimni to‘lashga grant yutib olganim uchun rahmat deyman. Chunki o‘zimga qolganda o‘qiy olmasdim. Lekin takrorlab o‘taman, bu fondlarning hech biri Gulnora Karimovani hecham oqlay olmaydi… Bu shunchaki ko‘zlarni shamg‘alat qilish bo‘lgan", — deb fikr bildirgan TROLL UZ.
Gulnora Karimova tomonidan o‘zlashtirilgan pullar yuzasidan Ernest Sattarov quyidagicha fikr bildirgan: "Bu pullar evaziga mamlakatni oyoqqa turg‘azish, odamlarning uyiga gaz, suv o‘tkazib berish va hokazo ishlarni amalga oshirsa bo‘lardi. Lekin bunday qilishmaydi, chunki kredit olish imkoni bo‘lganda buning nima keragi bor?".
"Dunyodagi eng boy ayol. Bill Geyts dam oladi", degan Hasanboy Soliyev.
Xabarni o‘qib, tili kalimaga kelmay qolgan yana bir foydalanuvchi "Bay, bay, bay…" deyish bilan cheklangan.
Yana bir foydalanuvchi esa Shveysariya banki vakili tashrifidan keyin bu kutilgan yangilik bo‘lganini ta’kidlagan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyatini Gulnora Karimova tomonidan sodir etilgan shuncha jinoyatlar uchun unga atigi 5-yil jazo berilgani hayratlantirgan.
Xabar yuzasidan savol berayotgan foydalanuvchilar soni ham tobora ortib bormoqda.
Jumladan, Abdurahmon Tashanov "Gulnora Karimova otasi prezident bo‘lmaganida shuncha jinoyatni sodir etgan bo‘larmidi?, — deb savol bergan. Va bu savolni O‘zTVning ko‘rsatuvlariga yo‘llashni taklif etgan.