TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Rossiya Bosh prokuraturasi xalkaro hamkorlik doirasida Gulnora Karimovaning aktivlarini xatlash bo‘yicha rasmiy so‘rovnomani olmaganligini Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
"Rossiya Bosh prokuraturasiga O‘zbekiston vakolatli organlarining rasmiy so‘rovnomasi kelmagan. So‘rovnoma kelgan taqdirda u o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi", — dedi OAVlar bilan hamkorlik qilish boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Kurennoy.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ustidan ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha xabarida xalqaro hamkorlik doirasida 12 ta xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga uyushgan jinoiy guruhning aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilganligini ma’lum qilgan edi.
Gulnora Karimovaning Rossiyadagi 6 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, umumiy narxi 2 mln. AQSh doll. bo‘lgan Moskva shahri "Kamelot" turar joy kompleksidagi "pentxaus", "Rublevka" massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi aniqlangan.