TOShKENT, 28-iyul — Sputnik, Dmitriy Klyuchevskiy. Ekspert Aleksandr Knyazevning fikricha, O‘zbekistonning sobiq prezidenti Gulnora Karimovaning hibsga olinishi haqidagi xabarda hech qanday shov-shuvli narsa yo‘q, chunki jinoyat ishi bo‘yicha jarayon bir necha yil oldin, Islom Karimov hayotlik paytidayoq boshlangan.
"Karimova faoliyati bilan bog‘liq barcha ishlarni tergov qilish 2011-yilda, shaxsan prezidentning topshirig‘i bilan boshlangan. Tabiiyki, o‘tgan yillar davomida yangi faktlar paydo bo‘lgan, bu tabiiy holat. Buning ustiga, Gulnora va uning atrofidagilarga nisbatan surishtiruv ishlari ochiq bo‘lgan. Ha, bu holat turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan, lekin bu o‘sha mish-mishlarni tarqatganlarning muammosi. Hozirda, aftidan, u yoki bu jinoyat ishlari bo‘yicha aniq izohlar paydo bo‘lgan", — dedi Knyazev.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning sobiq rahbari qizi bilan bog‘liq mazkur holatni hech kim Karimov oilasining boshqa a’zolari bilan bog‘lamasligiga ekspertning ishonchi komil.
"Gulnora Karimova faoliyati bilan bog‘liq barcha narsani birinchi preziden, uning turmush o‘rtog‘i va kichik qizidan alohida tarzda ko‘rish lozim. Mamlakatda marhum davlat rahbarining oilasiga alohida munosabatda bo‘lishadi. O‘zbekistonning hozirgi hukumati birinchi prezidentning oilasiga ijobiy munosabatda, Gulnora esa qilgan jinoyat uchun o‘zi jazolanishi shart", — ta’kidladi ekspert.
U shuningdek, O‘zbekiston sobiq rahbarining katta qizi mamlakatda hech qachon jiddiy siyosiy shaxs deb hisoblanmaganligi bois mazkur jarayonning qandaydir siyosiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligini inkor etdi.
"Gulnora hech qachon siyosiy shaxs bo‘lmagan. Uning prezident vorisi bo‘lishi haqida tarqalgan mish-mishlar – butkul bema’nilik. Mazkur jinoyat ishi hech qanday siyosiy aks-sadoga ega emas", — dedi Knyazev.
Gulnora Karimovaning xorijdagi, xususan, Rossiyadagi aktivlari va mulklarini xatlashga to‘siq bor yoki yo‘qligi haqidagi savolga ekspert bu mutlaqo yuridik xususiyatga ega savol ekanligini bildirdi.
"Bu masalada jiddiy murakkabliklar ko‘rmayapman. Agarda nizoli obyektlar yoki ushbu mulkka nisbatan boshqa da’vogarlar bo‘lmasa, bu sof huquqiy ko‘rinishga ega. Rossiya siyosiy rahbariyati tomonidan esa, menimcha, hech qanday to‘siq bo‘lmaydi", — dedi ekspert.
28 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan ayblov e’lon qilinganligini ma’lum qildi.
U xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘zgalarning mulklarini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish va boshqa moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.