TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida namunali pedagoglarga ipoteka va iste’mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Qarorga asosan Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Markaziy bank, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo‘lgan, o‘quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo‘jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste’mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilgan.
Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro‘sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarishdir.