TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik maktubini yo‘lladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumat portali.
BMT Bosh kotibi O‘zbekiston o‘z maktubida shaxsan Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga yaqinda mamlakatga tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik izhor etgan.
Siz va hukumatingizga BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazini to‘la qo‘llab-quvvatlayotganingiz va hamkorlik qilayotganingiz uchun samimiy minnatdorlik izhor etaman", — deyilgan maktubda.
Guterrish shuningdek Markaziy Osiyoga tashrifining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan Nukus va Mo‘ynoqqa borishiga ko‘maklashgani uchun Mirziyoyevga alohida tashakkur bildirgan.
"Orol dengizi tezlik bilan qurib borayotgani meni qattiq tashvishga soldi va bu falokatdan aziyat chekayotgan aholi bilan uchrashuvdan g‘oyat ta’sirlandim. Ishontirib aytamanki, BMT Sizning ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor", — deb ta’kidlagan Guterrish.
BMT Bosh kotibi Samarqand shahri chiroyini e’tirof etib o‘tgan.
"Buyuk ipak yo‘lining durdonalaridan bo‘lgan go‘zal Samarqandni yana bir bor ko‘rganimdan behad xursandman. Madaniyatlar chorrahasida joylashgan bu shaharning ko‘p asrlik tarixi va serqirra madaniyati bugun ham butun dunyo uchun namuna bo‘lib qolmoqda".
O‘z maktubi yakunida Guterresh Mirziyoyevga O‘zbekiston BMT bilan ishonchli hamkorlik qilayotgani uchun tashakkur bildirgan va O‘zbekiston xalqining manfaati yo‘lida bu hamkorlik davom ettirilishiga umid bildirgan.