TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari joriy yilning o‘tgan davri davomida Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 612 million dollarlik shartnoma imzoladi, dedi RFning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Turdenev.
"Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9%ga oshdi. O‘zbekistondan Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 612 million dollarlik 20ta shartnoma imzolandi ", — dedi Turdenev mahalliy OAVga bergan intervyusida.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Toshkentda sentabrda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasiga Rossiyaning yirik riteylerlaridan tashkil topgan ishbilarmon doiralarining biznes-missiyasini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda, deb yozadi RIA Novosti.
"O‘zagroeksport" davlat kompaniyasining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2017-yilda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini 1,55 baravarga oshirmoqchi. Kompaniya mutaxassislarining baholashlaricha, umumiy eksport hajmining 60% ga yaqinini Rossiyaga yetkaziladigan meva-sabzavotlar tashkil etadi.