TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Shu yilning 1-sentabridan boshlab musodara qilingan mol-mulklar "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlar orqali sotiladi, deb xabar bermoqda uz24.uz. Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan Majburiy ijro burosi huzuridagi "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" davlat unitar korxonasi shug‘ullanadi.
Elektron onlayn-auksionlar ularda Internet tarmog‘i orqali ishtirok etish imkonini beradigan hamda buyurtmalarni qabul qilish va g‘olibni aniqlash tartib-taomillariga aralashuvni istisno etadigan maxsus dasturiy mahsulotdan foydalanilgan holda o‘tkaziladi.
Elektron onlayn-auksionlar o‘tkazilishi haqidagi xabarnoma va lot to‘g‘risidagi ma’lumot ularni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli operatorning veb-portalida, shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi va uning hududiy boshqarmalari veb-saytlarida auksion o‘tkazish boshlanishiga 10 kalendar kundan kechiktirmasdan joylashtiriladi.
Dastlabki elektron onlayn-auksion narxni oshirib borish tamoyili, takroriylari esa narxni tushirib borish tamoyili bo‘yicha o‘tkaziladi.