TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom madaniyati markaziga direktor tayinlandi, deb xabar qildi «Jahon» axborot agentligi.
Xabarga ko‘ra, Islom madaniyati markaziga 2015-yildan beri Toshkent fransuz alyansi raisi sifatida ishlab kelayotgan Shoazim Minovarov rahbar bo‘lgan.
Shoazim Minovarov tajribali diplomat va tarjimon hisoblanadi. U Fransiya hukumatining «Xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan birinchi O‘zbekiston fuqarosidir.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolaganligi haqida xabar bergan edik.
Islom madaniyat markazining ma’muriy binosi, shuningdek, kutubxonasi va muzeyi Toshkent shahrida, Xastimom majmuasiga yondosh hududda quriladi. Qarorda qurilishga rossiyalik milliarder Alisher Usmonov homiylik qilishi ko‘rsatib o‘tildi.