TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janiklini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali xabar bermoqda.
O‘zbekiston rahbari ikki mamlakat o‘rtasida turli darajadagi aloqalar va o‘zaro manfaatli hamkorlik faollashganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
O‘zbekiston va Tfurkiya rahbarlarining 2016-yil noyabr oyida Samarqanddagi uchrashuvi va joriy yilning may oyida Pekinda o‘tgan "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro forumi doirasidagi samarali muloqoti o‘zaro serqirra munosabatlar, shu jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlagani qayd etildi.
Suhbat chog‘ida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari ham muhokama etildi. O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirliklari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, jumladan, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Turkiya milliy mudofaa vaziri O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning ezgu tilaklarini yetkazdi.
Nurettin Janikli O‘zbekistonda Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi va Turkiya tomoni ikki davlat o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.