TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda biznes yuritish uchun to‘lanadigan soliqlar sonini sezilarli ravishda qisqartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalqaro press-klubdagi yig‘ilishda O‘zbekiston iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Shuhrat Ismoilov ma’lum qildi, deb yozadi Podrobno.uz.
“Bugungi kunda biznes yuritish, investitsiya jalb etish uchun qator soliq timtiyozlari mavjud, lekin tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish jarayonida soliq to‘lovlari sohasida ma’lum muammolarga duch kelishmoqda”, – dedi Ismoilov.
Doing Business (Jahon banki) reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston soliq to‘lovlari bo‘yicha ancha quyida – 141-o‘rinda turadi. Bu mamlakatda 46 turdagi soliq to‘lovlari mavjudligi bilan bog‘liqdir, dedi vazir o‘rinbosari.
“Rivojlangan davlatlarda yiliga 4-5 turdagi soliq to‘lovlari bor xolos. Biz soliqlar sonini kamaytirish uchun hujjatlarni o‘rganib chiqamiz. Oddiy tadbirkor uchun soliq to‘lash mexanizmini yengillashtirish zarur”, – ta’kidladi Ismoilov.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida O‘zbekiston prezidentining "Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.