TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq respublika soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha Ishchi komissiya tashkil etildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bundan maqsad soliq solish tizimini izchillik bilan soddalashtirish, soliq yukini pasaytirish, shuningdek soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirishdir.
Ishchi komissiya soliq ma’muriyatchiligi va nazoratini tashkil etish tartibi hamda metodologiyasini tubdan takomillashtirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslarning soliq yukini yanada kamaytirish, bir xil soliq solish obyektlariga ega bo‘lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni birlashtirish nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi.
Komissiya shuningdek, dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish, halol, shu jumladan ish o‘rinlarini va mehnatga haq to‘lash fondini legallashtiradigan soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish choralarini joriy etish borasida ham ish olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2018-yil 1-yanvardan soliqchilik tizimida qator yangiliklar joriy etilmoqda. Bu O‘zbekiston prezidentining "Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan. Soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillari berish kabilar shular jumlasiga kiradi.