TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Yoshlarimizni kitobga qaytarish, mutolaaga do‘st qilish asosiy vazifalarimizdan biriga aylanadi, dedi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev "O‘zA" muxbiriga bergan intervyusida.
"G‘oliblarga yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar mukofot tariqasida beriladi. Bu, ishonamanki, kitob o‘qigan inson mashina minadi, degan gap ertaknamo, xomxayol emas, ayni haqiqat ekanini isbotlaydi va yoshlarda mutolaaga ishtiyoqni kuchaytiradi", — deb qo‘shimcha qildi u.
Quronboyev shuningdek, Mirziyoyevning "Kitob olami" do‘konlari tarmog‘ini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazish, yosh ijodkorlarning kitoblarini, yoshlar nashrlari — "Turkiston", "Molodoj Uzbekistana" gazetalari, "Yosh kuch" jurnallarini chop etish uchun "Yoshlar nashriyot uyi"ni tashkil etish kabi topshiriqlari ijrosi navqiron avlod ma’naviy-madaniy hayotida ulkan o‘zgarishlar yasashiga ishonch bildirgan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilishi xabar qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 5-iyul kuni "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi tarixiy farmonni imzoladi. Shu kundan e’tiboran mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati bilan shug‘ullanadigan yangi tuzilma — O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyat boshladi.