TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Samarqand shahridagi "Darg‘om" kanali yonidan noma’lum erkak kishining boshida jarohatlari bilan jasadi topildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati.
Surishtiruv ishlari natijasida jasadning shaxsi aniqlandi. Marhum Urgut tumanida yashagan K.B bo‘lib chiqdi. Unga tegishli "NEXIA" rusumli avtomashina esa Samarqand shahrining Amir Temur ko‘chasidan eshiklari qulflangan holda topilib, ko‘zdan kechirish jarayonida avtomashinaning ba’zi joylarida qon dog‘lari borligi aniqlandi.
Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida marhum K.B. jazmani L.N.ning uyiga kelib, rashk oqibatida unga tan jarohati yetkazganligi, L.N. mahalla raisiga K.B.ni tartibga chaqirib qo‘yishni so‘raganligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, tungi soat o‘nlarda mahalla raisi L.N.ning uyiga kelib, K.B.ni uxlab yotganligidan foydalanib, boshiga bolta bilan urib o‘ldirgan. Shundan so‘ng L.N. va mahalla raisi jinoyatni yashirish uchun jasadni "Darg‘om" kanaliga olib borib tashlaydilar.
Holat yuzasidan mahalla raisi va L.N.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.