TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Toshkent viloyati Pskent va O‘rta Chirchiq tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi Ohangaron darosi o‘zanlarida ekologik reyd o‘tkazildi, deb xabar qildi davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, ayrim shaxslar tomonidan davlat ekologik ekspertizasi xulosasi hamda ruxsatnomasiga ega bo‘lmay turib, noqonuniy ravishda yer qa’ri va noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlari amalga oshirilganligi aniqlandi.
Hozirgi kunda o‘zini qo‘shtirnoq ichida tadbirkor deb bilgan ba’zi bir kimsalar daryo o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlarini olib borish bahonasida u yerlardan qum-shag‘al materiallarini qazish ishlarini jadallashtirib yuborishdi.
Yer sathidan balandligini o‘lchovchi nuqta (reper) o‘zan tozalash va to‘g‘rilash ishlarini boshlash joyining o‘ng va chap qirg‘oqlarida o‘rnatilmagan, zarur belgilar bilan jihozlanmagan hamda Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan kelishilmagan.
Mazkur xatti-harakatlar "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida", "Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida" hamda "Ekologik ekspertiza to‘g‘risida"gi Qonun talablari va boshqa normativ-huquqiy aktlarning qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelmoqda.
Reyd davomida xo‘jalik yurituvchi tashkilotlar rahbarlariga o‘z faoliyatlarini ekologik meyoriy hujjatlar talablari asosida ish olib borishlari haqida yozma ogohlantirishlar berildi.
Bundan tashqari, ekskavator haydovchisi M.Vaxobov, yuk avtomashinasi haydovchilari Z.Xudoynazarov, X.Bo‘riyev, N.Mavlonov belgilanmagan joylardan qum-shag‘al qazib olayotgan hamda tashib ketayotgan paytda Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan to‘xtalib, qonunchilikda belgilangan hujjatlar rasmiylashtirildi. Ular O‘zbekiston MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Eslatib o‘tamiz, tabiat moddiy boyliklaridan tizimsiz, xo‘jasizlarcha foydalanishi nafaqat suv sathi, uning yuqori va yer osti suvlarining nihoyatda pasayib ketishi, daryo sohillarining vayron bo‘lishi, botqoqlashishiga, balki atrof-muhitga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.