TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Samarqanddagi “ Samarkand Renaissance” sayyohlik firmasi velosiped ijara xizmatini tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Firma tashkil etgan "SamCityBike" veloklubi Samarqandda turizm sohasini yanada rivojlantirish, turistik mahsulotlar xilma-xilligini oshirish, shahar aholisi hamda mahalliy va chet el sayyohlari o‘rtasida shahar bo‘ylab faol tarzda sayohatlarni tashkil etishga xizmat qiladi.
Bu yangi xizmat turi orqali fuqarolar va xorijlik mehmonlar velosipedlarda Samarqand shahrining boy madaniy meros obyektlari, manzarasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi. Velosipedlarni shaharning Registon ko‘chasi (Registon ansambli ro‘parasida) hamda Mustaqillik ko‘chasida (“Samarqand” kinoteatri yonida) ijaraga olish mumkin.
Shuningdek, tashkilotchilar jamoaviy tarzda velosport turi bo‘yicha marafon, musobaqalar, shahar va tabiat qo‘yniga sayohatlar hamda boshqa turli xil tadbirlar tashkil etish bo‘yicha o‘z xizmatlarini ko‘rsatadi.