TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. "Urganch sharob" aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilgan alkogolli mahsulotlar davlat standarti talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda "O‘zstandart" agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, "O‘zstandart" agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan "Beruniy sharob savdo" ixtisoslashtirilgan sharob savdo bazasida alkogol mahsulotlari sifati tekshirildi.
Tahlillar natijasida baza omborxonasida mavjud "Urganch sharob" aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilgan 6995 dona "Bizning orom" vinosi, 4305 dona "Fazan" va 9757 dona "Qora Bayir" aroq mahsulotlari davlat standartlari talablariga muvofiq emasligi aniqlandi.
Bundan tashqari, savdo do‘konlarida aholiga sotilayotgan alkogol mahsulotlari tekshirilganida, mazkur aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilgan "Urganch" oddiy arog‘i, "Zolotaya marka" va "Gold Brand" likoraroq mahsulotlari davlat standartlari talablariga muvofiq emasligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan sifatsiz alkogol mahsulotlari savdo tarmog‘idan olinib, qayta ishlash uchun ishlab chiqaruvchiga qaytarildi. "Urganch sharob" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va mas’ullarga nisbatan chora ko‘rish yuzasidan tegishli vakolatli idoralarga natijalari bo‘yicha xulosalar yuborildi.
Agentlik mazkur masala yuzasidan rasmiy veb sayti orqali tizimli yangiliklar berib borishini bildirgan.