TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Vanity Fair jurnalida Lola Karimova-Tillyayeva va uning "The Harmonist" brendi haqida maqola chop etildi.
Ifor can’ati: "The Harmonist" bilan tanishuv
Yangi "The Harmonist Maison de Parfum" atirlar uyi In va Yan uyg‘unligi falsafasiga tayanadi. "Atir haqida gap ketganda, ma’lum ifor barchaga ham birdek to‘g‘ri kelavermasligini yaxshi bilamiz, – deydi brend asoschisi va iforlar uyg‘unligi konsepsiyasi muallifi Lola Karimova-Tillyayeva. "The Harmonist"ni yaratishda Fen-shuy ta’limotidan ilhomlandim".
Keyinchalik u do‘stlari uchun lola shaklidagi 500 dona shisha idishda turfa gullar va mushk qorishmasidan iborat atir yaratdi.
"Men hayotga ifor orqali boqaman, – deydi u. – Xush iforlar menga olamni teran anglashga yordam beradi".
"The Harmonist" ham ana shunday teran tuyg‘ular ifodasi sifatida dunyo yuzini ko‘rdi.
Lola Karimova-Tillyayeva xozirda oilasi bilan Los-Anjeles shahrida istiqomat qiladi. Parijda faoliyat yuritadi. Ushbu shaharning 8-mavzeidagi gavjum Jorj V ko‘chasida uning ikkinchi butigi joylashgan. "The Harmonist"ning ikkala butigi dizayni Alnur ismli franko-hind interyer dizayneri tomonidan yaratildi. Do‘konlar dizaynida ham fen-shuy ta’limotidan foydalanilgan bo‘lib, u yerda zamonaviylik va ramziylik uyg‘unligini ko‘rish mumkin. "Interyerlarning ham o‘z energiyasi bor, unsurlardan oqilona foydalanib, qolaversa, metafizikaga tayanib o‘z borlig‘imizni yarata olamiz", – deydi Lola Karimova-Tillyayeva.
Ushbu brend atirlari besh unsur: tuproq, ma’dan, suv, yog‘och va olovni ifoda etadi. Butikka tashrif buyurar ekansiz, mutaxassis sizni har bir unsurga xos xususiyatlar bilan tanishtirib, ichki olamingizga mos elementni tanlashda ko‘maklashadi. Hayot mashaqqatlariga duch kelganimizda, beixtiyor vujud, aql va ruh muvozanatini tiklashga urinamiz. "the Harmonist" aynan biz istayotgan ruhiy halovatni topishga yordam beradi.
Brend besh In va besh Yan iforlarini xavola etadi. Idishlardagi quruq kukunlarni hidlab ko‘rib, har bir iforni teran his etish mumkin. Shu tariqa o‘z mijozingizga mos unsurni tanlaysiz. Tanlangan ifor ta’bingizga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin. Deylik, siz ijodkorsiz, ammo iqtidoringizni to‘liq ro‘yobga chiqara olmayapsiz. Bunga ehtimol biror unsurning to‘kis emasligi sabab bo‘layotgandir. Iforlarga singdirilgan unsurlar ruhiyatingizdagi kemtiklikni to‘ldiradi.
Masalan, men "Desired Earth" atirini hidlab, mening unsurim tuproq ekanini angladim. Yanada xushbo‘y bo‘lsin deya yasmin va anvoyi bahor gullaridan hamda ummon suvlari elementlaridan iborat ikki qo‘shimcha qorishma tanladim.
Aytish joizki, har bir unsurning o‘z ma’no-mazmuni bor. Masalan, men Yan Yerman. Menga xos unsurlarning ma’nosi quyidagicha:
tuproq: jamiyat bilan hamnafaslikka yordam beradi;
ma’dan: iste’dodni yuzaga chiqaradi;
suv: farovonlik keltiradi;
yog‘och: yuksak maqom va maftunkorlik baxsh etadi;
olov: donolik sari boshlaydi.
Lola Karimova-Tillyayeva kolleksiya mukammal bo‘lsin deya Armani Privé, Tom Ford, Commes des Garçons va boshqa brendlar uchun ajoyib iforlar yaratgan parfumer Giyom Flavini bilan hamkorlik qildi. Ijodkor hassosligi bilan L.Karimova-Tillyayevaning ko‘ngliga yo‘l topa oldi. Shu tariqa iforlar olami sari sirli sayohat boshlandi. Besh yillik izlanishlar mobaynida L.Karimova-Tillyayevaga Flavinining har bir unsurdan favqulodda mahorat bilan foydalana olishi manzur bo‘ldi.
"Giyom bilan hamkorlikdan ko‘nglim to‘ldi. U haqiqiy professional sifatida mening ijodiy g‘oya va qarashlarimni ro‘yobga chiqara oldi", – deydi u.
Lola Karimova-Tillyayeva chinakam uyg‘unlikni go‘zallik kaliti deb biladi va to‘g‘ri tanlangan ifor insonning orzu-istaklari ro‘yobiga yordam berishiga ishonadi. Bu – In va Yan mushtarakligi, bu – hayotimizga fayz olib kiruvchi iforlar mo‘’jizasi.