TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Farg‘ona viloyatining Shohimardon qishlog‘ida yashovchi uch yoshli Afifa dunyoning 183 davlatini poytaxtlari bilan sanab beradi va xaritadan ko‘rsatib bera oladi, deya xabar beradi O‘zbekiston hukumati rasmiy portali.
"Afifa endi tili chiqa boshlagandayoq uning xotirasi qanchalik kuchli ekanligini tushunganman. U qanday ertak aytib berilsa, bolalarga xos tilda to‘liq qayta hikoya qilardi", deydi uning onasi Mahliyo Qo‘shoqova.
Uning aytishicha, buvisi unga davlatlar nomi, ularning poytaxtlari haqida gapirib bergan. Qizaloq barchani lol qoldirib, xuddi o‘sha tartibda birma-bir qaytargan. Keyin globusdan mamlakatlar joylashuvini tushuntirganida, Afifa hech qiynalmasdan o‘sha davlat va uning poytaxtini ko‘rsatib nomini aytgan.
Qizaloq dunyo xaritasidagi 183 davlatni xatosiz ko‘rsatib bera oladi.