TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. "Rossiya segodnya" xalqaro axborot agentligi tomonidan YuNESKO yordamida o‘tkazilgan Andrey Stenin nomli fotosuratlar tanlovining navbatdagi turida Sputnik Qirg‘iziston nashrining fotosuratchisi Tabildi Kadirbekovning "Shirin paxta sotuvchisi" nomli fotosurati g‘olib chiqdi.
Tabildi Kadirbekovning o‘zi ushbu fotosurat qanday olingani haqida quyidagilarni aytib berdi.
"Ko‘chada izg‘irin sovuq va bo‘ron bo‘layotgan edi. Shef-redaktor menga fotolavha suratga olishni topshirganida, men xoxlamayroq ko‘chaga chiqdim, lekin keyinroq ish davomida qiziqib, sovuqni ham qorni ham unutib yubordim. Bishkekliklar izg‘irin qordan qanday yashirinayotganini kuzatish maroqli edi. Ishimni tugatib qaytayotgan vaqtimda shirin paxta sotayotgan opani ko‘rib qoldim. Avval uni orqa tomonidan suratga oldim, lekin nazarimda nimadir yetishmayotgandek bo‘ldi. Aylanib o‘tib yana bir-ikkita surat oldim. Opaxon menga kulib boqdi. Shu vaqt mana shu suratni oldim. Opa mendan "Nimaga suratga tushirayapsan?" deb so‘radi. Men "Esdalik uchun" deb javob berdim".
Butun dunyodan fotojurnalistlar ishtirok etgan ushbu konkurs yakunlari 7-avgust kuni professional hakamlar hay’ati tomonidan e’lon qilinadi va sovrinlar hamda diplomlar topshiriladi. Quyida eng ko‘p ovoz jamlagan beshta fotosuratni namoyish etamiz. Ular orasida Hindistonlik Shashi Shekxar Kashyapaning "Bevalar bo‘yoqlar bayramida", JARlik Fandulvazi Djaykloning "Grabu shahridagi namoyishlar", Yunonistonlik Anna Panteliyaning "Yevropa orzusi" hamda Rossiyalik Yuriy Smitukning "Qishgi serfing" fotosuratlari bor.
Eslatib o‘tamiz, Andrey Stenin nomli xalqaro tanlovning asosiy maqsadi — yosh fotosuratchilarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy fotojurnalistika muammolariga jamoatchilik fikrini qaratishdir. 2017-yilda Andrey Stenin nomli fotojurnalistika tanlovida dunyoning 76 mamlakatidan 5000 ta fotosurat ishtirok etmoqda. Tanlov 4ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi: "Asosiy yangiliklar", "Sport", "Mening planetam" va "Portret. Zamonamiz qahramoni." Tanlov g‘oliblarining ishlari esa Moskve, Istambul, Keyptaun, Shanxay, Pekin, Qohira, Berlin, Rim, Maribor va Lyublyanadagi festival va ko‘rgazma maydonlarida namoyish etildi.