TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Toshkent shahriga amaliy tashrif bilan kelgan ShHT ishlari bo‘yicha Hindiston Milliy koordinatori Madhumita Hazarika Bhagat bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Uchrashuvda ShHT joriy faoliyatining kun tartibi, tomonlarning Toshkent shahrida turli darajalarda o‘tkaziladigan bo‘lajak tadbirlarda ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.
M.Hazarika Bhagat o‘zining ShHT ishlari bo‘yicha Hindiston Milliy koordinatori sifatidagi faoliyati boshlangani haqida so‘zlab berdi hamda O‘zbekiston tomoniga Hindistonning tashkilotga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishida o‘z mamlakatini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Mazkur safar doirasida M.Hazarika Bhagatning Toshkent shahrida joylashgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasiga tashrif buyurishi va uning faoliyati bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.