"Shifokor nega xojatxonaga tushdi?" - Namangan viloyati FVV boshqarmasi izohi

© Sputnik / Aleksandr KrajevVrach
Vrach - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hozirda tarqalayotgan gap-so‘zlarga qaraganda, qimmatbaho telefonni olib chiqish uchun xojatxona ichiga tushib ketganlar pastdan turib yordam so‘ragani uchun hodisa joyiga yetib kelgan shifokor ham xojatxona ichiga tushishga majbur bo‘lgan. Nahotki oliy ma’lumotli vrach ushbu harakati bilan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini bilmagan bo‘lsa?

TOShKENT, 17-iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Eng og‘ir, inson hayoti uchun o‘ta og‘ir bo‘lgan gaz — axlat gazi hisoblanadi. Buni yoshu-qari birdek bilishi kerak", — deb ta’kidladi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Namangan viloyati FVV boshqarmasi matbuot-xizmati vakili.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida bir gadjet tufayli uch insonning hayotiga nuqta qo‘yildi.

Samsung Galaxy Note 7 telefoni - Sputnik O‘zbekiston
Namanganda tualetga tushib ketgan Samsung Galaxi dastidan uch kishi halok bo‘ldi
Samsung-Galaxi-J7 telefonini xojatxonaga tushirib yuborgan fuqaro G.Musaboyeva yollangan ishchilar A.Qirg‘izboyev va O.Murzaliyevlardan yordam so‘ragan. Ikki ishchi xojatxona tubiga narvon yordamida tushishgan va og‘ir gazdan zaxarlanib, xushdan ketishgan. Shundan so‘ng ayol shifokorni chaqirtirgan. Yollanma ishchilarni qutqarish uchun xojatxona tubiga tushayotib, vrach ham xushidan ketgan.

Yangiqo‘rg‘on tumanida yuz bergan bu ayanchli hodisa hatto jahon matbuotlarini aylanib chiqishga ulgurdi.

Aytish joizki, aksariyat o‘zbekistonliklar bu fojiaga odamzotga xos illatlardan biri — ochko‘zlik sabab, degan fikrni bildirishayotgan bo‘lsa-da, shifokor nega hojatxonaga tushgan, degan savol barchani qiziqtirmoqda.

Ammo shifokor nima sababdan hojatxonaga tushgan, degan savol esa hozirga qadar ochiqligicha qolyapti.

Namangan viloyati FVV boshqarmasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, shifokor hodisa joyida telefon egasi bo‘lgan ayolning o‘ziga hojatxonaga tushish mumkinmasligini tushuntirishi va o‘sha joyning o‘zidayoq tegishli tashkilotlarga xabar berishi kerak edi.

"Doktor — o‘qimishli, oliy ma’lumotli odam nega bunday qilganiga izoh bera olmaymiz. Hozir turli gap-so‘zlar tarqalyapti, masalan, xojatxona ichiga tushib ketganlar pastdan turib yordam so‘ragani uchun vrach ham xojatxona ichiga tushishga majbur bo‘lgan deyilyapti. Lekin bu shunchaki taxmin", — deb ta’kidladi suhbatdosh.

FVV xodimining so‘zlariga ko‘ra, hozirda bu kabi holatlar ko‘payib ketgani uchun Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi doimiy ravishda mana shunaqa og‘ir gazlardan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlarida suhbatlar tashkil etib kelyapti.

"Mahalli ahlini yig‘ib, musulmonlar, ko‘zingizni oching, xojatxonaga tushib bo‘lmaydi, deb ochiq-oydin gapirib, ularni hushorlikka chorladik. Yana bir bor eslatib o‘tamiz, xojatxonaga tushish aslo mumkin emas — u yerda eng og‘ir gaz, inson hayoti uchun juda xavfli bo‘lgan gaz mavjud. Farzandlarga ham hushor bo‘lib, ularni iloji boricha nazoratdan chiqarmaslik kerak", — ta’kidladi suhbatdosh.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha FVV matbuot-xizmati mazkur holat yuzasidan tegishli xizmatlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edi. Surishtiruv tafsilotlari hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Yangiliklar lentasi
0