TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. 11-14 iyul kunlari Minsk va Brest shaharlarida Belarus chegara qo‘mitasi raisi, general-mayor Anatoliy Lappo va O‘zbekiston MXX chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi qo‘mondoni — MXX raisi o‘rinbosari, general-mayor Rustam Eminjanovlarning ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Belarus davlat chegara qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Tomonlar MDHga a’zo davlatlarning chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashi faoliyati doirasida hamda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
Chegara qo‘shinlari rahbarlari ikki davlat chegaralaridagi holat haqida ma’lumot almashdilar. Shuningdek, chegara xavfsizligiga ta’sir qiluvchi tahdid va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, zamonaviy chegara xavfsizligini ta’minlash namunasi sifatida Brest chegara guruhining "Kazimirovo" chegara punkti namoyish qilindi. Bu yerda mehmonlar chegara xavfsizligini ta’minlash borasida joriy etilgan zamonaviy avtomatlashtirilgan aloqa tizimining ishlashi va maxsus inshootlar bilan tanishtirildi.
Uchrashuv natijalari bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolandi. Kelgusi rejalarga tezkor qidiruv faoliyati yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlik qilish, kadrlarni tayyorlash hamda texnik ta’minoti masalalari kiritildi.